«Qutli makon» mahalla turg‘unlari uchun ko‘rgazmali seminar tashkil etildi
Ma'lumki, bugungi kunda yurtimizdagi barcha mahallalarda aholi tomorqasidan samarali foydalanish hamda ko‘proq daromad olish borasidagi ishlar tizimli olib borilmoqda. Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali direktori A.Esimbetov boshchiligida Qorao‘zak tumanidagi «Qutli makon» MFYda shu yo‘nalishda ishlar tashkil etilmoqda. Jumladan, joriy yilning 24 aprel kuni «Qutli makon» mahalla turg‘unlari uchun parrandachilik va quyonchilik sohalarini rivojlantirish, tomorqa yerlardan unumli foydalanish, biogumus ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
Ushbu seminarda filial rahbariyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari B.Otemuratov, Tuman hokimining moliya-iqtisod va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari B.Ayapbergenov hamda yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari I.Qosibaev, Savdo-sanoat palatasi tuman bo‘limi boshlig‘i T.Eshmuratov, mahallalar uyushmasi Qorao‘zak tuman bo‘limi boshlig‘i R.Daniyarov qatnashdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar, tashkil etilayotgan mazkur ko‘rgazmaning mahallaning ishsiz fuqarolari uchun ahamiyati haqida to‘xtaldi. Seminar davomida ishtirokchilarga tomorqa yerlardan unumli foydalanish va shu orqali sifatli qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish, bozorlarimizni to‘kin-sochinlik bilan ta'minlash, biogumus ishlab chiqarish bo‘yicha batafsil tushunchalar berib o‘tildi. Ko‘rgazmada mutaxassislar tomonidan uy sharoitida parrandachilik va quyonchilik bilan shug‘ullanish va yaxshi daromad olish bo‘yicha tavsiyalar berib o‘tildi. Filial rahbariyati tomonidan xonadon egalariga 1m 2 biogumus qurtlari, 15 dona jo‘ja, 10 dona quyon hamda pomidor va qalampir urug‘liklari berildi.
Shu orqali xonadan egalari daromad olishlari uchun yaqindan ko‘mak berildi. A.Esimbetov mahalla turg‘unlari bilan muloqot olib borib, kelgusida filialda biriktirilgan ishchi guruhlar xonadonma-xonadon yurib, ular orasida tomorqa yerlaridan samarali foydalanish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilishini ta'kidlab o‘tdi.
скачать dle 12.1