Qozog‘istonlik professorlar tomonidan talabalarning bilimlari yanada mustahkamlanmoqda
Bugungi kunda oliy ta'lim sohasida talabalarning nazariy bilimlarini yanada mustahkamlashda o‘qish jarayoniga xorijiy professor-o‘qituvchilarni jalb qilish katta ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida ushbu masalaga ijobiy yondashuv olib borgan holda amaliy ishlar tashkil etilmoqda. Xorijiy o‘qituvchilar ishtirokida online ma'ruzalar o‘tkazilishi bilan birga qo‘shni davlatlarning nufuzli oliy o‘quv yurtlarining professorlari talabalarga offline tarzda dars berishga jalb etilmoqda.
Jumladan, Qozog‘iston Respublikasining “QS World University Rankings” 500 taligiga kiradigan Qozog‘iston milliy agrar tadqiqot universiteti bilan tuzilgan ikki tomonlama shartnoma asosida ushbu oliygohning “Biologik xavfsizlik” kafedrasi professori, veterinariya fanlari nomzodi Mavlonov Amangeldi Zamanovich filial talabalariga 30 soat dars o‘tdi. U tashrifining dastlabki kunida filial direktori, professor Adilbay Esimbetov qabulida bo‘lib, muloqot olib bordi. Suhbat davomida hamkorlikning yangi bosqichlari muhokama etildi. Yo‘lga qo‘yilgan o‘qituvchilar almashinuvi asosida pedagog kadrlarning tajribalari yanada ortib, yangi bilimlarni o‘zlashtirayotganligi, do‘stona munosabatlar yanada mustahkamlanib ijobiy natijalar berayotganligi qayd etildi.
Kelgusida ilmiy yo‘nalishda hamkorlikni ham rivojlantirish, talabalar almashuvini yo‘lga qo‘yish yuzasidan mulohazalar bildirildi. Qozog‘istonlik professor «Veterinariya diagnostikasi va laboratoriya ishi» 3-bosqich talabalariga veterinariya sohasi bo‘yicha ma'ruza o‘tdi. – Nukus shahriga tashrifni ikkinchi marta amalga oshirdim – deydi A.Mavlonov – Filialdagi hamkasb o‘qituvchilar va talabalar bilan iliq do‘stona munosabatlarni o‘rnatib olganmiz. Bu galgi ma'ruzalar davomida filial talabalarining bilim olishga bo‘lgan intilishlari yanada kuchayganining guvohi bo‘ldim. Ikki davlat oliy ta'lim sohasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, ezgu maqsadlar sari jadal ildamlayotganligi albatta bizga ham katta motivatsiya bermoqda. Bundan avval ham Qozog‘istonlik professorlar tomonidan talabalarga dars o‘tilgan edi. Talabalar professorning ma'ruzalarida faol ishtiok etib, yaxshigina bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi. Ma'lumot o‘rnida, ayni kunlarda «Zooinjeneriya» kafedrasining katta o‘qituvchisi Z.Dawletova Qozog‘iston milliy agrar tadqiqot universitetida malaka oshirmoqda.
скачать dle 12.1