Odam savdosiga qarshi kurash bugunning dolzarb masalasi
Bugun Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida talaba-yoshlar uchun mutaxassislar ishtirokida odam savdosiga qarshi kurash va uning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Yoshlar bilan ishlash, ma'naviyat va ma'rifat bo‘limi boshlig‘i A.Seytkamalov tadbir boshida so‘z olib, yigirma birinchi asrning jiddiy global muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi xalqaro miqyosda olib borilayotgan kurash haqida to‘xtaldi.
Tadbir davomida odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha Respublika «Istiqbolli avlod» nodavlat notijorat tashkiloti yuristi A.Kudaybergenov va mutaxassisi M.Boranbaevlar so‘zga chiqib, odam savdosiga qarshi kurash masalasi bo‘yicha qonunchiligimizdagi huquqiy hujjatlar va ularning mazmun-mohiyati, ushbu illat oqibatida har yili dunyo bo‘ylab jabrlanayotganlarning ayanchli qismati, hamyurtlarimizni aldov yo‘li bilan xorijga sotib yuborish holatlariga qarshi samarali ishlar olib borilayotganligi bo‘yicha ma'lumotlarni berib o‘tdi.
Ushbu masala bo‘yicha ko‘plab targ‘ibot tadbirlari olib borilishiga qaramay, odamlar hali hanuz firibgarlarga aldanib qolayotganligi achinarli holat ekanligi, bu bo‘yicha fuqarolarning huquqiy savodxonligini yanada oshirib borish muhim ekanligi alohida ta'kidlab o‘tildi. Tadbir ishtirokchilariga odam savdosi jinoyatidan jabrlanayotganlarning necha foizini ayol va bolalar tashkil etishi, har yili taxminan qancha odam ushbu savdoning qurboniga aylanib qolayotganligi bo‘yicha statistik ma'lumotlar taqdim etildi. Talaba-yoshlarga har doim ogoh bo‘lishlik, o‘z haq-huquqlarini to‘g‘ri anglagan holda huquqiy bilimlarini yanada orttirib borish tavsiya etildi. Tadbir yakunida ishtirokchilarga tarqatma materiallari, bukletlar taqdim etildi. Talaba-yoshlar batafsil tushunchalarga ega bo‘lishdi.
скачать dle 12.1