Yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan o‘simlik turlari bo‘yicha seminar o‘tkazildi
"Hayvonlar anatomiyasi, fiziologiyasi va biokimyosi kafedrasi" tomonidan «Hozirda yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvon va o‘simlik turlarini asrash» mavzusida seminar trening tashkil etildi. Filial direktori A.Esimbetov seminarni kirish so‘zi bilan ochib berib, bugungi kunda yurtimiz hududlaridagi kamyob o‘simlik turlarini ko‘paytirish, yo‘qolib ketish xavfi ostidagilarni saqlab qolish muhim ahamiyatga ega ekanligini ta'kidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng kafedra o‘qituvchilari mavzu bo‘yicha ma'ruza qilishdi. Jumladan, assistent-o‘qituvchi J.Xalmuratova kamyob va yo‘qolib ketayotgan o‘simlik va hayvon turlarining kam uchraydigan genofondini himoya qilish va saqlab qolish choralarini kuchaytirish, yurtimizdagi kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan o‘simlik va hayvon turlarining tabiiy populyatsiyalarini saqlab qolish, ularning barqaror yashash va o‘sish sharoitlarini yaxshi ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma'lumotlar berib o‘tdi.
Seminar tinglovchilariga yo‘qolib borayotgan 10 ajoyib mushuk turlari, jumladan, sumatra yo‘lbarsi, malta yo‘lbarsi, barxan mushugi, oq arslon, tilla mushuk, serval, margay, ispan silovsini, sumatra mushugi, qor barsi turlari bo‘yicha qiziqarli ma'lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan o‘simlik turlari bo‘yicha ham ma'lumotlar aytib o‘tildi. Hozirda yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvon va o‘simlik turlarini saqlab qolish va ko‘paytirish bo‘yicha aniq takliflar berildi. Seminarda ma'ruzachilar tomonidan batafsil tushunchalar berildi. Mavzuga oid muhim masalalar muhokama qilindi. Talabalar tomonidan berilgan savollarga to‘laqonli javoblar berildi.
скачать dle 12.1