Qalbimizda shodlik va shukronalik hissini uyg‘otgan ko‘prik
Joriy yilning 29 fevral sanasi tarixga va qalbimizga muhirlandi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Aynan shu kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida yangi ko‘prikning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu marosimga Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurib, bu yangi ko‘prik o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi ishonch va do‘stlik ko‘prigi ekanligini ta'kidlab o‘tdi.
Darhaqiqat, Prezidentimiz tashabbusi bilan qurilgan bu ko‘prik daryoning ikki tomonidagi qardosh xalqlarning uzog‘ini yaqin qilishga va og‘izbirchiliklarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Tantanali ochilish marosimida odamlar yuzidagi baxt va shodlik ifodalari yoqqol aks etib turdi. Albatta, bu barcha uchun katta yangilik va xursandchilik bo‘ldi. Hozirda daryoning ikki tomonidagi aholisi ushbu ko‘prik orqali masofalarni qisqartib bemalol ko‘prikdan o‘tmoqdalar.
Kuni kecha «Zooinjeneriya» kafedrasi mudiri X.Mamatov ko‘prikning ochilish marosimidan to‘lqinlanib, Amudaryo va Beruniy tumanlarida istiqomat qiladigan talabalar bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston bilan Xorazmni bog‘laydigan ko‘prikni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, undan o‘tib ko‘rishdi. X.Mamatov va talabalar o‘z taassurotlarini Axborot xizmati bilan shunday bo‘lishdi: —Bu ko‘prik tom ma'noda do‘stlik va birodarlik ko‘prigi bo‘ldi. Odamlar necha yillardan beri eski ko‘prikdan o‘tib kelayotgan edi. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan Xorazm viloyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan bog‘laydigan mustahkam ko‘prik barpo etildi. Mana endi biz sovuq kunlarda ham bemalol ko‘prikdan o‘tib uzog‘imizni yaqin qilishimiz mumkin. Amudaryo tumanida yashaydigan talabalarimiz Urganch va Beruniy orqali a 180 kilometr yo‘l bosib o‘tishiga endi zarurat qolmadi ular mustahkam do‘stlik ko‘prigidan o‘tib bemalol o‘qishga va uyga qatnayveradilar. Biz bundan juda xursandmiz—deydi X.Mamatov. Ko‘prikdan o‘tayotgan yo‘lovchilarning hammasi Prezidentimizga va ko‘prikni qurilishida hissa qo‘shganlarga cheksiz minnatdor va ularni duo qilishmoqda. Bu ko‘prik barchamizning ko‘ngilimizda bugungi tinch turmushimizga ezgu shukronalik hissini uyg‘otdi.
скачать dle 12.1