Xotirasi qalbimizga muhirlangan buyuk siymoni yod etib…
Bugun Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyondasi, buyuk sarkarda, shox va ulug‘ shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligiga bag‘ishlangan adabiy kecha tashkil etildi. «Veterinariya va zooinjeneriya» fakulteti tomonidan o‘tkazilgan ushbu kechada Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakulteti assistent-o‘qituvchilari A.Bobojonov va O.Soburov, o‘qituvchilar va talaba-yoshlar qatnashdi.
Fakultet dekani A.Kaniyazov o‘z kirish so‘zida shunday dedi:— Ulug‘ ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk siymolar tomonidan yaratilgan asarlar o‘z jozibadorligi va ahamiyati bilan qalbimizga muhirlanib qolgan. Talaba-yoshlar ularning adabiy merosini chuqur o‘rganib borishlari uchun biz yaqindan yordam berishimiz kerak. Kecha davomida QDU o‘qituvchilari so‘zga chiqib, Boburning hayoti va ijodi, yirik davlat arbobi sifatida ilgari surgan ezgu g‘oyalari haqida qimmatli ma'lumotlarni aytib berdi.
Kechaning badiiy qismida Qoraqalpoq davlat universitetidan tashrif buyurgan iqtidorli talabalar hamda filial talaba-yoshlari tomonidan shoirning ruboiylari va g‘azallari ijro etildi. Zalda yig‘ilganlar ham so‘zga chiqib o‘z fikr-mulohazalarini aytib o‘tdilar. Buyuk siymolarimizni yod etuvchi shu kabi adabiy tadbirlar talaba-yoshlar qalbida ulug‘ ajdodlarimiz xotirasiga hurmatni oshirishda yuksak ahamiyatga ega bo‘lib hisoblanadi.
скачать dle 12.1