Jahon banki hisobidan veterinariya klinikasi va vivariy bunyod etiladi
Joriy yilda filial binosi hududida veterinariya klinikasi va vivariy qurilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu ob'ekt qurilishi Jahon banki hisobidan amalga oshiriladi. Shu munosabat bilan bugun filialga Jahon banki ishtirokida amalga oshiriladigan loyihaning qurilish va chorvachilik bo‘yicha mutaxassislari I.Buriev va G‘.Nosirovlar tashrif buyurib filial rahbariyati bilan o‘zaro muzokaralar olib bordi. Olib borilgan muloqot davomida veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda bank tomonidan qurilish ishlariga mablag‘ ajratish va zarur asbob-uskunalar bilan ta'minlash kabi masalalar muhokama qilindi.
—Qurilishi rejalashtirilayotgan mazkur klinika va vivariy talaba-yoshlarning amaliy bilimlarini yanada takomillashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Ta'kidlash joizki Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida veterinariya sohasi bo‘yicha klinika va vivariy birinchi marta qad ko‘taradi. Bu esa biz uchun juda katta yutuq bo‘ladi. Mana shunday sa'y-harakatlarimiz zamirida bo‘lajak veterinarlarga har tomonlama yetuk bilim berish singari ezgu maqsad mujassam —deydi A.Esimbetov.
Suhbatdan keyin tashrif buyurganlar filial binosi hududini ko‘zdan kechirib, qurilish me'yorlariga mos keladigan yerni belgilab olish bo‘yicha taklif va mulohozalarini bildirishdi. Tashrif davomida qurilish ishlarini joriy yilda boshlash va imkon qadar jadallashtirish bo‘yicha kelishib olindi. Jarayon davomida sifatga jiddiy e'tibor qaratish lozim ekanligi alohida ta'kidlab o‘tildi.
скачать dle 12.1