Yuzlab ayollarni yig‘latgan ayanchli qismat, barchamizga bo‘lsin haqiqiy ibrat
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2019 yil “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi amalga oshirilib, Suriyadagi “Al-Hol” lagerida ushlab turilgan ayollar va bolalar yurtimizga qaytarilgan edi. Tom ma'noda insonparvarlik va bag‘rikenglik singari ezgu hislatlar jamlangan ushbu ezgu tashabbus barchamizning qalbimizda muruvvat va shukuronalik tuyg‘ularini uyg‘otgan edi. Shu singari real voqeyliklarga asoslangan diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashga bag‘ishlangan hamda real voqeyliklarga asoslangan filmlarning yaratilishi va katta ekranlarda namoyish etilishi, ayniqsa yoshlarimizni tinchligimiz qadriga yetib, har xil tashqi kuchlardan ogoh bo‘lishga undaydi. Biz so‘zimizni bejizga aynan shu mavzudan boshlamadik. Ayni kunlarda yurtimizdagi oliy o‘quv yurti talabalariga real voqeyliklarga asoslangan “Ayol qismati” filmi qo‘yib berilmoqda.
Jumladan, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali o‘qituvchilari, xodimlari va talabalari ham ushbu film tomoshasiga qamrab olinmoqda. Bugun filialga O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha Qo‘mitaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasining Nukus shahar bosh mutaxassisi X.Nezmatov, boshqarmaning Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi X.Ibraymova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vazirligi Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi yetakchi mutaxassisi S.Tanabergenov tashrif buyurib, “Ayol qismati” filmining suratga olinishidan ko‘zlangan ezgu maqsadga alohida urg‘u berishdi. Tadbirni filial direktori A.Esimbetov kirish so‘zi bilan ochib berib, shu kabi keng ma'noga ega filmlar yoshlarimizga to‘g‘ri yo‘ldan borishlari uchun chin ma'noda ibrat bo‘la olishini ta'kidlab o‘tdi. Shundan so‘ng, yig‘ilganlarga “Gran Pri” mukofotiga sazovor bo‘lgan “Ayol qismati” filmi qo‘yib berildi.
Filmda “Mehr” loyihasi doirasida yurtimizga olib kelingan 41 nafar ayollar qismati haqida real voqeyliklarga asoslanib hikoya qilingan. Juda ta'sirli sahnalarga boy bu kinoda bosh rol ijrochisi Rano Shodiyeva o‘z personajini juda ishonarli tarzda mahorat bilan ijro etgan. – Har bir tomoshabin bosh qahramon dardini yuragi bilan his qilib, u bilan qo‘shilib ko‘z yosh to‘kdi. Shaxsan o‘zim ham juda ta'sirlandim. Film juda ishonarli chiqqan. Kadr ortida ijodiy jamoaning katta mehnati yotganligini payqash qiyin emas. Shu kabi filmlar barchamizni, ayniqsa yoshlarni tinch va osuda hayot kechirayotganimizga ming bora shukr qilishga va ogoh bo‘lishga undaydi– deydi Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha direktor maslahatchisi G.Kazaxbaeva. Film o‘z yakuniga yetgach, talabalar ham so‘zga chiqib, o‘zlarining ijobiy taassurotlari bilan bo‘lishdi. Filialda “Ayol qismati” filmi namoyishi davom etadi. Ma'lumot o‘rnida, 2019 yil Suriya va Iroq davlatlaridan jami 220 nafar ayollar hamda bolalar olib kelingan.
скачать dle 12.1