Lider ayol talaba-qizlar bilan o‘z tajribalarini o‘rtoqlashdi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda gender tenglikni ta'minlashga alohida e'tibor qaratilib ,xotin-qizlarning jamiyatimizdagi o‘rni va mavqei tobora ortib bormoqda. Buning natijasida esa davlat boshqaruvidagi rahbar ayollar soni ham ko‘paymoqda. Talaba-yoshlarga bugungi kunda xotin-qizlarga qaratilgan e'tibor haqida tushunchalar berish va oramizdagi lider ayollar hayoti va tajribasi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida joylarda “Rahbar ayol imidjini yaratish” mavzusida davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.
Bugun Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida ham shu mavzu bo‘yicha davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, "Do‘stlik" ordeni sohibasi, shoira G.Davletova, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha direktor maslahatchisi G.Kazaxbaeva, Axborot-resurs markazi bo‘limi boshlig‘i J.Xalmuratova, professor-o‘qituvchilar va talaba qizlar ishtirok etishdi. G.Kazaxbaeva tadbir boshida so‘z olib, jamiyatimizdagi ilg‘or ayollar va hozirgi kunda davlat tashkilotlarida 2 mingga yaqin Xotin-qizlar rahbarlik qilayotganligi haqida to‘xtaldi. Tadbir davomida G.Davletova so‘zga chiqib o‘zining hayoti va mehnat faoliyati, ijodga dastlabki qadamlari va rahbar ayol imidjini qanday yaratish kerak ekanligi bo‘yicha o‘zining maktab direktorligi faoliyatidan kelib chiqib gapirib berdi.
— Har qanday kuchli va oqila ayolni oddiylik bezaydi. Kamtarligimiz bizni yanada latofatli qilib ko‘rsatadi. Mana shu hislatlarning muvozanatini saqlay bilsakgina haqiqiy lider ayolga aylanamiz. Men hayotdan, atrofimdagi insonlardan motivatsiya olaman. Yoshim ulg‘aygani sari o‘zimni yanada tarbiyalab boraman va sizlarga ham shuni maslahat qilaman. —deydi G.Davletova. Davra suhbati juda samimiy tarzda bo‘lib o‘tdi. Shoira opamiz talaba-qizlar bilan o‘z tajribalarini o‘rtoqlashdi. Ularga hayot yo‘lida as qotadigan tavsiyalarni berib o‘tdi. Qahramonimiz nafaqat iqtidorli shoira, balkim qoraqalpoqning juda sodda va samimiy, tabiiy, kamtar va oqila ayoli, haqiqiy lideri ekanligiga yana bir karra ishonch hosil qildik.
скачать dle 12.1