Jadidlarning g‘oyalari va orzu-intilishlari bugungi siyosatimizda o‘z aksini topmoqda
Davlatimiz rahbari tomonidan jadidchilik harakati namoyondalarining taraqqiyotimiz va millatimiz ravnaqi yo‘lida amalga oshirgan ezgu ishlarini xalqimiz, ayniqsa yoshlar orasida yanada keng targ‘ib qilishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda joylarda ushbu ilgari surilgan ezgu tashabbus asosida turli targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda. Jumladan, bugun Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida «Jadidlarning milliy ma'naviyat rivojiga qo‘shgan hissalari» mavzusi bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirda filial rahbariyati, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi adabiy maslahatchisi Seydin Amirlan, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi «Ma'rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a'zosi, shoir Rawaj Otarbaev hamda talaba-yoshlar qatnashdi. Filial direktori A.Esimbetov tadbir boshida so‘z olib, Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyevaning quyidagi iqtibosini keltirib o‘tdi: «Jadidlarning g‘oyalari, ularning orzu-intilishlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosatida o‘z aksini topmoqda, desak haqiqatdir». Tadbir davomida uchrashuv mehmonlari so‘zga chiqib, vatan ravnaqi yo‘lida jon fido qilgan bobolarimizning hayoti va faoliyatiga, ular tomonidan amalga oshirilgan ezgu ishlarning asl mohiyatiga to‘xtaldi. Jadid bobolarimiz xalq orasida milliy madaniyatni rivojlantirish, ularning fikrlash doirasini va dunyoqarashini kengaytirish, ijtimoiy-siyosiy va madaniy-ma'rifiy o‘zgarishlarni amalga oshirish singari ezgu tashabbuslarni ilgari surgani ta'kidlab o‘tildi.
Ular tomonidan nafaqat o‘g‘il bolalar, balkim qizlarni ham maktabda o‘qishga jalb qilish, ularni yetuk tarbiyali va ilmli inson sifatida kamolga keltirish birinchi zaruriyat deb belgilab olinganligi bo‘yicha batafsil tushunchalar berildi. Shuningdek, yig‘ilganlarga joriy yilning ilk kunidan boshlab Prezidentimiz tashabbusi bilan “Jadid” gazetasi chop etila boshlaganligi ma'lumot sifatida aytib o‘tildi va ushbu gazeta sahifalarini varaqlash orqali – jadid bobolarimiz tomonidan amalga oshirilgan ezgu ishlar va ularning faoliyati bo‘yicha keng ma'lumotlarga ega bo‘lishimiz mumkin ekanligi ta'kidlandi. Uchrashuv talaba-yoshlarda ijobiy taassurotlarni qoldirdi.
скачать dle 12.1