Bosh qomusimiz qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan uchrashuv tashkil etildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan «Konstitusiya — xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!» shiori ostida uchrashuv tashkil etildi.
Ushbu uchrashuvda filial rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi. Tadbir O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari bilan boshlandi. Filial direktori, biologiya fanlari doktori, professor Adilbay Esimbetov tadbir boshida so‘z olib, tadbir ishtirokchilarini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi bilan samimiy qutlab, yangilangan Konstitutsiya chin ma'noda xalqimiz konstitutsiyasiga aylanganini ta'kidlab o‘tdi.
Ushbu tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi bo‘limi katta prokurori R.Jalgasbaev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati T.Romanov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining sudyasi S.Niyazovlar so‘zga chiqib, yangi tahrirdagi Bosh qomusimizning mazmuni va mohiyati, Konstitutsiyaning shaxs va jamiyat hayotida tutgan o‘rni, mamlakatimizning porloq kelajagi amaldagi Konstitusiya va undagi qonunlar bilan bevosita bog‘liq ekanligi haqida mulohazalarini bildirdi. Tadbir davomida talaba-yoshlarga huquqiy ong hamda madaniyatni yuksaltirib borish, huquqiy savodxonlikni yanada oshirish zarur ekanligi uqtirildi.
Yangi tahrirdagi Konstitusiyada davlat yoshlarni o‘z himoyasiga olganligi, ularning sifatli ta'lim olishiga hamda o‘qituvchilarning sha'ni va qadr-qimmatiga alohida e'tibor qaratilganligiga alohida urg‘u berildi. Uchrashuv davomida inson huquqlari qonun ustuvorligi asosida amalga oshirilishi va shu kabi bir qator muhim masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob olishdi.
скачать dle 12.1