O‘zbek tili bayrami munosabati bilan direktor tabrigi
Milliy g‘ururimiz bo‘lgan va ajdodlardan bizga meros bo‘lib qolgan, hamiysha ulug‘langan Ona tilimizga davlat tili maqomi berilganligiga o‘ttiz to‘rt yil to‘lishi munosabati bilan butun respublika xalqini, filial professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talaba-yoshlarini samimiy muborakbod etaman.
Muhtaram Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek: «Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta'sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin».
Ushbu jumlalarda jonajon tilimizga eng go‘zal va munosib ta'rif berilgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Biz har birimiz beshikda Onalarimiz milliy tilimizda aytgan allaga tebranib, tilimizning ajib ohanglarini his qilganmiz, eng dastlab ota va ona so‘zlarini o‘z tilimizda aytganmiz, qalbimizdagi eng beg‘ubor tilaklarni ham aynan ona tilimizda ifoda etamiz. Go‘daklik paytimizdan boshlaboq milliy tilimizga mehr qo‘yganmiz. So‘nggi yillarda mamlakatimizda ona tilimiz nufuzini yanada oshirish va o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida o‘z tilimizga bo‘lgan hurmat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish borasida olib borilayotgan amaliy ishlar o‘zining ijobiy natijasini bermoqda.
Biz buni qabul qilingan qarorlar va ularning ijrosi misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Albatta, Ona tilimiz jamiyatimiz rivoji hamda mamlakat taraqqiyotida katta o‘rin egallashi, jonajon ona tilimizsiz millat kelajagini tasavvur ham etib bo‘lmasligi, unda barcha milliy qadriyatlarimiz, millat ruhi va boy tarixi aks etishi haqida alohida ta'kidlab o‘tishimiz o‘rinli bo‘ladi.
Har bir soha rivoji yangi bosqichga ko‘tarilayotgan bir davrda millat tilining nufuzi yanada ortib borishi shak-shubhasiz. Yoshlar ongiga ona tilimizni asrab-avaylash, uning sofligiga alohida e'tibor qaratish juda zarur ekanligini singdirish bizlarning burchimiz sanaladi. Avvalombor, biz o‘z tilimizni hurmat qilish va qadrlashda, uning sofligini asrashda ularga o‘rnak bo‘lishimiz lozim. Zero, jonajon tilimiz har birimizning qalbimizda yashaydi.
Fursatdan foydalanib, yana bir bor barchangizni ulug‘ sana munosabati bilan qizg‘in qutlayman!
Hurmat bilan,
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi,
chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti
Nukus filiali direktori Adilbay Esimbetov
скачать dle 12.1