O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan direktorning bayram tabrigi
Assalomu alaykum muhtaram ustozlar hamda filialimizning fidoyi professor-o‘qituvchilari.
Barchangizni 1 oktyabr— O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu ulug‘ bayram har yili mamlakatimizda katta shodiyona sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. O‘qituvchi sharafli kasb ekanligini hammamiz juda yaxshi bilamiz. Bu sharafli kasb egalarini qancha e'zozlasak, shuncha kamdek tuyulaveradi. Axir, ularning zimmasida kelajagimiz egalari bo‘lgan navqiron avlodni tarbiyalashdek muhim bir vazifa bor. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga yo‘llagan tabrigida: «Bu yil yangi tahrirdagi Konstitusiyamizda ilk bor o‘qituvchi maqomi alohida belgilanib, ta'lim tizimini rivojlantirish davlatning bosh vazifalari qatoriga kiritilgani bejiz emas. Chunki, jamiyat hayotida o‘qituvchining o‘rni va ta'siri oshsa – maktabning obro‘yi oshadi, ilm-fan, ta'lim va tarbiya sohasining qadri ko‘tariladi.
Muallimning obro‘-e'tibori esa bu millatning, butun xalqning obro‘-e'tiboridir»-deb ta'kidlab o‘tgan so‘zlari zamirida mazkur kasb egalari bilan nechog‘lik faxrlanishimiz kerak ekanligini yana bir marta chuqur anglaymiz. Darhaqiqat, har birimizning o‘z kasbimizning yetuk mutaxassisi bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rnimizni topishimizda ularning xizmati beqiyosdir. Inson qanday mavqei va darajaga erishmasin, u albatta, maktabda oddiy muallimdan ta'lim olgan bo‘ladi. Aslida bu «oddiylik» iborasida yuksak insoniy fazilatlar mujassam. Ustozlar bizga ta'lim va tarbiya beradilar, yana hayotda o‘z yo‘limizni topishimizda o‘zlarining katta xissalarini qo‘shadilar. Ammo, buning evaziga o‘z o‘quvchisidan minnatdorchilik va na e'tirof kutmaydilar. Mana ularning oddiy buyukligi nimada. Hozirda Respublikamizdagi oliy ta'lim muassasalarida ko‘plab professor-o‘qituvchilar o‘z faoliyatini olib bormoqda. Ularning eng oliy maqsadlaridan biri vatanimiz kelajagi uchun yetuk mutaxassislarni tayyorlab berishdir. O‘qituvchilar bunday mas'uliyatli vazifani sidqidildan bajarib kelmoqdalar. Shu o‘rinda, o‘zimizning filialdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, ayni paytda Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali «Veterinariya va zooinjeneriya» fakultetida 100 dan ortiq nafar professor-o‘qituvchi o‘z faoliyatini olib bormoqda. Shulardan 15 nafari ilmiy darajaga ega.
Bo‘lajak yosh veterinarlarga har tomonlama sifatli ta'lim berish uchun professor-o‘qituvchilarimiz bor imkoniyat va salohiyatlarini safarbar etishiga ishonchim komil. Ular har doyim yoshlarga ta'lim-tarbiya berishda jonbozlik ko‘rsatib kelmoqdalar. Meni quvontiradigani, ular har doim o‘z ishlariga professional yondashuv olib borishga intiladilar. Shu bilan birga samarali natijalarni ham qo‘lga kiritib kelmoqda. Jumladan, «Veterinariya va oziq-ovqat havfsizligi» va «Zooinjeneriya» kafedralarining 4 nafar professor-o‘qituvchilari QS World University Rankings 2023: Top global universites–xalqaro reytingining 481 o‘ringa kiruvchi Qozoq Milliy Agrar tadqiqot universitetining o‘quv kurslarida ishtiroq etib sertifikatga ega bo‘lishdi. 2 nafar o‘qituvchimiz, ya'ni K.Ruzimbetov va V.Tureniyazovalar dissertasiya ishini muvaffaqiyatli himoya qildi. “Zooinjeneriya” kafedrasi assistenti K.Kojambergenova Eron Islom Respublikasining Tehron shahridagi “Agrar tadqiqotlar, ta'lim va rivojlanish markazi” ga 2023 yil 1-oktyabrdan 1 oy qisqa muddatli ilmiy stajirovkaga yuborildi.
Filial o‘qituvchilarining samarali mehnatlari munosib baholanib kelmoqda. 1-oktabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining buyrugʻi bilan oliy taʼlim sohasida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh soha vakillari “Oliy taʼlim aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.Quvonarlisi, ushbu taqdirlanganlar orasida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Atanazarov Quralbay Maulenovich ham bor. Albatta, biz mana shunday ijobiy natijalar bilan g‘ururlanamiz.
O‘qituvchilar hamma vaqt hurmat va e'zozda bo‘lishadi. Bizga ta'lim bergan ustozlarga minnatdorchiligimizni izhor qilishning o‘zi kamlik qiladi. Oddiy muallimning oltin o‘gitlari ila katta hayot ostonasiga qadam ranjida qilamiz. Ustoz mehrining tafti xuddi quyosh nurlari kabi qalbimizni ilitadi. Ishonavering, ular uchun shogirdining kamolidan ortiq baxt yo‘q. Shogirdi yuksaklarga parvoz qilgani sari u yanada kamtar bo‘ladi. Ular o‘qituvchilardir. Biz ularsiz hayot saboqlarini o‘zlashtira olmaymiz. Zamonaviy ta'limni ham aynan ular rivojlantiradi. Fursatdan foydalanib, Respublikamizning eng ardoqli kasb egalari bo‘lgan barcha o‘qituvchi va murrabiylarni, jumladan, filialimizning hurmatli professor-o‘qituvchilarini ajoyib bayram bilan chin ko‘nglimdan samimiy muborakbod etaman! Har biringizning xonadonlaringizga fayzu baraka va tinchlik tilayman! Sihat-salomatlikda ish faoliyatingizni olib borish nasib etsin! Hamiysha sharafli kasbingizdan kamol toping! Bayramingiz muborak, aziz ustozlar!
Hurmat bilan,
Adilbay Esimbetov,
SamDVMChBU Nukus filiali direktori
Biologiya fanlari doktori, dotsent
скачать dle 12.1