Direktor talabalar turar joyidagi yoshlar bilan muloqot olib bordi
Talabalarni turar joy bilan ta'minlash muhim masalalardan biri hisoblanadi. Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali ushbu masalaga mas'uliyat bilan yondashgan holda, yangi o‘quv yili boshlanishi bilan filial yotoqxonasiga talabalarni shaffof tarzda joylashtirdi. Talabalar turar joyida istiqomat qilayotgan yoshlar uchun yaratilgan sharoit va qulayliklar bilan yaqindan tanishish hamda talabalar bilan ochiq muloqot olib borish maqsadida filial direktori Adilbay Esimbetov TTJ ga tashrif buyurib, u yerdagi holatni o‘rgandi. Talabalar bilan samimiy muloqot olib bordi. Oylik to‘lovlarning arzonlashtirilganligini ham alohida ta'kidlab o‘tdi.
— Sizlar uchun barcha qulayliklarni yaratishga, kamchiliklarni bartaraf etishga bor imkoniyatimizni va kuch-g‘ayratimizni sarflayabmiz. Mana shunday sharoitlardan unumli foydalanib, yaxshi ta'lim olishga intiling, katta rejalarni tuzib kelajakda yuksak marralarni zabt etishingiz darkor — deydi Adilbay Esimbetov. Yoshlarga bo‘sh vaqtlarini kutubxonada o‘tkazish, tashkil etilgan to‘garaklarga faol ishtirok etish tavsiya etildi.Suhbat davomida talaba-yoshlarning ham fikr va mulohazalari tinglandi. Direktor har bir xonaga kirib, sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Talabalarning takliflarini o‘rgandi.
Ma'lumki, joriy yildan boshlab davlat oliy ta'lim muassasalarida talaba-yoshlarni talabalar turar joyiga joylashtirish Davlat xizmati markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ariza berish yo‘li bilan amalga oshirildi. Bu esa ushbu jarayonda shaffoflikni yanada ta'minladi. 2 qavatdan iborat filial yotoqxonasida ayni paytda 78 nafar talaba istiqomat qilmoqda. Ular uchun barcha zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan. скачать dle 12.1