Samarqand taassurotlari: Filial talabalari Respublika Yoshlar forumida faol qatnashdi
Avval xabar berganimizdek, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida "Yangi O'zbekiston yoshlari, birlashaylik!" shiori ostida ikkinchi Respublika Yoshlar forumi ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Ushbu forumda Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktorning birinchi o‘rinbosari S.Ganiev, Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari E.Seytmuratov va filial talaba-yoshlari faol ishtirok etishdi. Ikkinchi Respublika Yoshlar forumi haqiqiy yoshlar atmosferasini yaratib berdi. Jumladan, 5 ta muhim tashabbus doirasida turli tanlovlar, sport musobaqalari, yoshlar ijod namunalari ko‘rgazmalari, “Munozara-debat” va “Zakovat” intellektual o‘yinlari, shu bilan birga bitiruvchi talabalarning tantanali bitiruv kechasi va “Veterinar qasamyodi” marosimi o‘tkazildi. Filial talaba-yoshlari forum doirasida o‘tkazilgan mazkur tanlovlarda faol qatnashib, o‘z iste'dodlarini namoyon qilishdi. Ayniqsa, ular tomonidan sahnada qoraqalpoq milliy raqsining ijro etilishi ko‘pchilikning olqishiga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, talabalarimiz “Munozara-debat” intellektual o‘yinida fahrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi va tantanali taqdirlash marosimida diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Universitet rektori, professor Xudaynazar Yunusov Nukusdan tashrif buyurgan talabalar bilan samimiy suhbat qurib, ularga motivasiya berdi. Tantanali taqdirlash marosimidan so‘ng forum yakuni bo‘yicha gala-konsert bo‘lib o‘tdi. Estradamizning taniqli vakillari ishtirokidagi ajoyib konsert dasturi barchaga xush kayfiyat ulashdi. Filial talaba-yoshlari yangragan kuy-qo‘shiqlarga raqsga tushib, madaniy hordiq olishdi. Ertasi kuni Universitet binosi bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi. Filial talabalari o‘quv xonalari, veterinariya klinikasi, o‘quv-laboratoriya xonalari bilan yaqindan tanishib, bu yerda tahsil olayotgan talabalarga yaratilgan sharoitlar bo‘yicha keng taassurotlarga ega bo‘lishdi. Tashrifning oxirgi kunida filial jamoasi Samarqandning yuragi bo‘lgan Registon majmuasiga sayohat qilishdi. Yangi O‘zbekiston yoshlarini ezgu maqsad yo‘lida birlashtirgan forumda ishtirok va Samarqandning diqqatga sazavor joylariga tashrif talabalarga bir olam zavq ulashishi bilan birga qaynoq taassurotlarni ham bag‘ishladi. Ana shunday iliq xotiralar bilan bugun sayohatchilarimiz bugun Nukus shahriga qaytib kelishdi. скачать dle 12.1