Veterinariya mutaxassislari malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv forumi o‘tkazildi
Joriy yilning 25 may kuni Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Chorvachilik sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishni rivojlantirish” loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi va Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali tomonidan veterinariya mutaxassislari malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv forumi o‘tkazildi.
Sohada faoliyat olib borayotgan kadrlarni malakasini oshirish, ularda yangi va zamonaviy bilim ko‘nikmalarini shakllantirish, soha bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga ko‘tarish, xalqaro va mahalliy malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda bilim berish maqsadida tashkil etilgan mazkur forumda soha vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi rahbariyati va qo‘mitaning shahar va tumandagi bo‘lim xodimlari, mutaxassislar, xalqaro va milliy konsultantlar, fermer xo‘jalik rahbarlari, filial professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlar qatnashdi. Tadbir boshida filial direktori Adilbay Esimbetov so‘z olib, bugungi tashkil etilayotgan o‘quv forumining bosh maqsadi va kutilayotgan natijalarga to‘xtaldi.
O‘quv forumida Loyihani Amalga Oshirish Guruhi (LAOG) vakillari tomonidan ma'ruzalar tashkil qilindi. Jumladan, Hindistonlik professor Mandava Subba Rao, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Chorvachilik sohasida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishni rivojlantirish” loyihasida veterinariya va chorvachilik bo‘yicha mutaxassis M.Eranov loyihaning milliy maslahatchilari S.Abdalimov va J.Yulchievlar ushbu loyihaning mohiyati va ahamiyati nimadan iborat ekanligi, kutilayotgan ijobiy natijalar, veterinariya sohasida erishilgan yutuqlar va uchrayotgan muammolar, kadrlarni tayyorlashda zamonaviy yondashuv, loyiha doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar va Universitetda tashkil topgan namunaviy veterinariya amaliyoti-klinikasi bo‘yicha qiziqarli ma'ruza qilishdi.
Forum ishtirokchilariga Respublikadagi veterinariya sohasi bo‘yicha atroflicha ma'lumotlar berildi. Kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv forumi davomida soha bo‘yicha eng dolzarb masalalar muhokama qilindi. Hindistondan tashrif buyurgan professor Mandava Subba Raoning ma'ruzasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ma'ruzachilarning chiqishlaridan so‘ng, ishtirokchilar uchun savol-javoblarga navbat berildi.
Ma'lumot uchun, Loyihani Amalga Oshirish Guruhi vakillari tomonidan 19-20 may kunlari Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida, 22-23 may kunlari esa universitetning Toshkent filialida veterinariya mutaxasislari uchun uzluksiz ta'lim dasturiga bag‘ishlangan o‘quv forumlari o‘tkazildi. Reja bo‘yicha jami 6-ta o‘quv forumi tashkil etildi. Ushbu tashkil etilgan forumlar veterinar mutaxassislarning malakasini oshirish, ularni zamonaviy yondashuv asosida o‘qitish va shu orqali kutilgan samarali natijalarga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi deb o‘ylaymiz.
скачать dle 12.1