Hindistonlik professor filial talabalariga ma'ruza o‘tdi
Xabar berganimizdek, bugun filialga Hindistonlik professor Mandava Subba Rao tashrif buyurgan edi. Tashrif doirasida professor filialda tahsil olayotgan talabalarga «Hayvonlarning yuqumli kasalliklarini oldini olish va nazorot qilish» mavzusida ma'ruza o‘tdi. Tadbirni filial direktori A.Esimbetov kirish so‘zi bilan ochib, hurmatli mehmonni yig‘ilganlarga tanishtirib o‘tdi. Ma'ruza avvalida Mandava Subba Rao talabalarga o‘zini yaqindan tanishtirib, olib borgan ilmiy tadqiqotlari, Amerika Qo‘shma Shtatlarida doktorlik dissertasiyasi yoqlaganini gapirib berdi. Shundan so‘ng ma'ruza mavzusi doirasida talaba-yoshlarga batafsil ma'lumotlarni berib o‘tdi. Jumladan, hayvonlarda yuqumli kasalliklarning kelib chiqish sabablari, uning oldini olish, emlash va nazorot qilish bo‘yicha keng tushunchalarni berib o‘tdi. Shuningdek, ma'ruza ishtirokchilariga chorvachilik ishlab chiqarish tizimlari, bioxavfsizlik, chorvachilik mahsulotlari va uning atrof-muhitga ta'siri bo‘yicha ma'lumotlar aytib o‘tildi.
Kasallangan hayvon go‘shtidan kelib chiqadigan kasalliklar, bu turdagi go‘shtni dezinfeksiya qilish muhim ekanligi alohida ta'kidlandi. Professor tomonidan filial talaba-yoshlariga qo‘shimcha tarzda Hindistondagi veterinariya sohasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan yutuqlar va kamchiliklar, ta'lim tizimi va o‘quv jarayonlari bo‘yicha qiziqarli faktlar gapirib berildi.
— Professorning ta'kidlashicha, Hindistonda veterinariya sohasida bakalavriat ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha 5 yillik ta'lim tizimi mavjud ekan. Shuningdek, sohada ilg‘or texnologiyalar joriy etilganligi va talaba-yoshlarga zamonaviy bilimlar berib kelinayotganligi haqida aytib o‘tildi. Filial talaba-yoshlari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, Hindistonlik professor Mandava Subba Rao bilan muloqot olib borishdi. Ushbu master-klass ko‘rinishida o‘tkazilgan ma'ruza davomida talabalar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha foydali va qiziqarli ma'lumotlarga ega bo‘lishdi.
скачать dle 12.1