Qoraqalpog‘istonga Vetnamdan MTT direktori Nguen Van Txan tashrif buyurdi
Respublikamizga Vetnamdan MTT direktori Nguen Van Txan tajribali mutaxassislar hamrohligida tashrif buyurdi. Ushbu tashrifdan ko‘zlangan maqsad–Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi baliqchilik fermer xo‘jaliklari faoliyati bilan yaqindan tanishish va sharoitlarini o‘rganish, soha bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirish hamda kelgusida Vetnamdan uvildiriqlarni olib kelib, baliqlarni intensiv usulda yetishtirishdan iborat.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktorning birinchi o‘rinbosari S.Ganiev, «Zooinjeneriya» kafedrasi mudirasi A.Toreshova, assistent-o‘qituvchisi Z.Dawletovalar tashrif buyurgan mehmonlarni Nukus tumanida joylashgan “Nukus agro fish“ MChJ faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi. Dastlab, korxona rahbari tomonidan korxonaning tashkil etilishi va bugungi kunga qadar erishgan natijalari, bu yerda hozirgi kunda qaysi turdagi baliqlar parvarish qilinayotganligi haqida batafsil ma'lumot berib o‘tildi.
Vetnamdan tashrif buyurgan mehmonlar “Nukus agro fish“ MChJdagi ish jarayonini kuzatib, Afrika laqqasi va karp baliqlarining qanday usulda yetishtirilayotganligini va ularni baliqlarni oziqlantirish jarayonini o‘rganishdi. Keyingi manzil mazkur tumandagi «Qareken sazani» MChJ bo‘ldi. Tashrif buyurganlarni korxona rahbari A.Uzaqbergenov qarshi olib, bu yerdagi qizg‘in ish jarayoni bilan yaqindan tanishtirdi. Vetnamlik mehmonlarga to‘laqonli ma'lumotlar berildi. Respublikamizda faoliyat olib borayotgan baliqchilik korxonalari uchun Vetnam tajribasi va texnologiyasi asosida baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yish har tomonlama foydali bo‘ladi. Boisi, Vetnam bugungi kunda baliq eksport qilish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinda turadi. Filial o‘qituvchilari va korxona rahbarlari bilan olib borilgan suhbat davomida MTT direktori Nguen Van Txan kelgusida Vetnamdan baliq uvuldirig‘ini olib kelib, bu yerdagi fermer xo‘jaliklarda tajriba asosida yetishtirish, iqlim va sharoitiga moslashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirib o‘tdi. Shuningdek, baliqchilik rivojida muhim omil sanaladigan sifatli baliq ozuqalarini yetkazib berishni reja qilayotganligini ta'kidlab o‘tishdi.
скачать dle 12.1