Xalqaro oila kuni munosabati bilan “Mustahkam oila - jamiyat tayanchi” shiori ostida tanlov o‘tkazildi
1993 yildan buyon 15 may sanasi dunyo bo‘ylab Xalqaro oila kuni sifatida keng nishonlanadi. Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida ushbu bayramni munosib o‘tkazish maqsadida professor-o‘qituvchilar va xodimlar ishtirokida “Mustahkam oila - jamiyat tayanchi” shiori ostida ko‘rik-tanlov tashkil etildi.
Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktorning birinchi o‘rinbosari S.Ganiev tadbir boshida so‘z olib, Xalqaro oila kuni bayrami bilan barchani samimiy qutlab, mamlakatimizda oila mustahkamligini ta'minlash va qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom oila muhitini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi. Filial psixologi M.Allamuratova va Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha direktor o‘rinbosari G.Eshmuratova tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu ko‘rik-tanlovda professor-o‘qituvchilar va xodimlar 3 jamoaga bo‘lingan holda qatnashdi.
Mantiqiy va qiziqarli savol-javob, pantomimika, maqollarni davom ettirish, limonni 1 daqiqa ichida iste'mol qilish va boshqa qiziqarli shartlar asosida bo‘lib o‘tgan tanlov davomida, ishtirokchilarning zehni yanada o‘tkirlashib, o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Ayniqsa, oiladagi baxtni chiroyli jumla bilan tasvirlab berish shartida har bir ishtirokchi oila muqaddas qo‘rg‘on ekanligini yana bir marta chuqur his qilgan holda, oilasi bilan bog‘liq ezgu orzu-umidlarini, oilaviy shirin xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Shartlarni bajarish davomida qatnashchilar hamjihatlikda jamoaviy epchillik ko‘rsatishdi. Barchaga oila muhitini va haqiqiy bayram kayfiyatini ulashgan tanlovning yakunida jamoalar nominasiya bo‘yicha taqdirlandi.
Jumladan, o‘qituvchilardan tashkil topgan «Omadlilar» jamoasiga «Eng ziyrak oila vakillari», xodimlar va o‘qituvchilarning «Ziyolilar» jamoasiga «Eng namunali oila», bo‘lim rahbarlaridan tashkil topgan «Rahbarlar» jamoasiga esa «Eng yosh lider oila» nominasiyalari berildi. Filial professor-o‘qituvchilari va xodimlari orasida oila mustahkamligini ta'minlash va bu borada amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar bo‘yicha keng tushunchalarni hosil qilish, ushbu yo‘nalishda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qarorlarning mazmun va mohiyatini yetkazish va shu orqali xodimlarning oilaga bo‘lgan munosabatini yanada yaxshilashga hissa qo‘shish va jamiyatda hammaga o‘rnak bo‘la oladigan oila bo‘lishga intilishi uchun sharoit yaratish singari ezgu maqsad ostida filialda shu kabi tadbirlar takshil etib kelinmoqda. “Mustahkam oila - jamiyat tayanchi” shiori ostida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov ishtirokchilar qalbida oilaga va yaqinlariga bo‘lgan mehir va hurmatni yana bir pog‘onaga ko‘targan bo‘lsa ajab emas.
скачать dle 12.1