Direktor talabalar bilan ochiq muloqot olib bordi
Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning huquq va erkinliklarini ta'minlash hamda aniq maqsadlarga yo‘naltirish masalasiga alohida e'tibor qaratilib, davlat siyosati darajasiga ko‘tarilmoqda. Ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodni yetuk bilimli va salohiyatli qilib tarbiyalash va ularning ezgu orzularini ro‘yobga chiqarishga o‘ziga xos tarzda yondashilib, yoshlarning fikr va takliflari atroflicha o‘rganilmoqda.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida tashkil etilgan Direktor va yoshlar uchrashuvida filialda tahsil olayotgan yoshlarga oid dolzarb masalalar muhokama etildi.
Uchrashuvda filial direktori Adilbay Esimbetov yoshlar Yangi O‘zbekistonning porloq kelajagini qurishda va istiqbolini belgilashda muhim qatlam hisoblanishini alohida ta'kidlab, ularning sifatli ta'lim olishi, keng dunyoqarash va yuksak madaniyatga ega bo‘lib, kasb-hunar egallashi uchun davlatimiz tomonidan barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berilayotganligi va mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan ilg‘or yoshlar haqida gapirib o‘tdi.
—Bugunning yoshlari erishayotgan yutuqlarni, zabt etayotgan yangi marralarni ko‘rib, bilib turib suyunmaslikning va havas qilmaslikning iloji yo‘q. Ularga faqat yaxshi motivasiya berib, rivojlanish uchun qulay muhit yaratib berilsa, bas. Men buni filialda tahsil olayotgan talabalar misolida guvohi bo‘lmoqdaman. Biz tashabbuskor talaba-yoshlarning ilg‘or g‘oyalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ezgu maqsadlarini ro‘yobga chiqarishga yaqindan ko‘maklashishni zimmamizdagi sharafli vazifa deb hisoblaymiz. Filial talabalari zamonaviy va sifatli ta'lim olishi, ma'nan yetuk bo‘lib shakllanishi uchun sharoitlar yaratilib, bu borada tizimli ishlar olib borilmoqda—deydi A.Esimbetov.
Talaba-yoshlar bilan olib borilgan ochiq muloqot davomida ta'lim jarayoni, iqtidorli yoshlarning qobiliyatlarini yuzaga chiqarish, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, o‘qishda va tashkil etilgan tadbirlarda faol talabalar qatlamini qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni ilmiy loyihalarga ko‘proq jalb qilish kabi muhim masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, uchrashuv doirasida «Yil talabasi 2022» ko‘rik tanlovining nominasiyalari bo‘yicha filial bosqichida g‘olib bo‘lgan 6 nafar talaba hamda Qozog‘iston Respublikasi Chimkent shahrida o‘zbekjang san'ati bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Jahon kubogi musobaqasida ikkinchi o‘rinni egallab, kumush medal sohibasiga aylanga talabaga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Samimiy tarzda bo‘lib o‘tgan suhbat davomida talabalarning ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalardagi muammolari o‘rganildi va takliflari tinglandi. Bu borada mas'ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
скачать dle 12.1