Talabalarning ota-onalari bilan ochiq muloqot olib borildi
Joriy yilning 6 may kuni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida tahsil olayotgan talaba-yoshlarning ota-onalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Filial direktori Adilbay Esimbetov tashrif buyurgan ota-onalar bilan ochiq muloqot olib bordi. Muloqot davomida filialdagi bugungi olib borilayotgan ta'lim tizimi va o‘quv jarayonlari, ichki tartib-qoidalar va talaba-yoshlar sifatli bilim olishi uchun yaratilgan sharoitlar haqida atroflicha ma'lumot berildi. Shu kunga qadar erishilgan yutuqlar va unda talabalarning hissasi katta ekanligini alohida e'tirof etib o‘tildi.
— Zimmamizga kelajagimiz poydevori bo‘lgan yoshlarga ta'lim va tarbiya berishdek sharafli va mas'uliyatli vazifani olganmiz— deydi A.Esimbetov. — Albatta, uni sidqidildan bajarish uchun astoyidil intilib kelyabmiz. Shu o‘rinda talabalar barkamol avlod bo‘lib tarbiyalanishida ota-onalarning ham hissasi katta hisoblanadi. Ta'lim jarayonlariga ularning ham bevosita aloqador ekanligini inobatga olgan holda ota-onalar bilan hamkorlikni yaxshi yo‘lga qo‘yishga harakat qilamiz.
Uchrashuv davomida, bugun mamlakatimizda oliy ta'lim sohasiga alohida e'tibor qaratilib,yoshlarning har tomonlama zamanoviy ta'lim olishiga eng muhim masala sifatida qaralayotganligi, filial rahbariyati va professor-o‘qituvchilari talabalarga yetuk bilim berish uchun bor imkoniyatlarini safarbar etayotganligi ta'kidlab o‘tildi.
Shuningdek, talabalarga yaxshi ta'lim berish bilan cheklanib qolmay, ularning ma'naviyatini yanada yuksaltirib borish, kitobxonlik madaniyatini shakllantirib, tadbirlarda faol ishtirok etishi uchun barcha qulay sharoitlar yaratib berilayotganligi xususida so‘z yuritildi. Sport sohasini rivojlantirish va sportga qiziqishi bor bo‘lgan talaba-yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va uning ijobiy samarasi o‘laroq yutuqlarga erishib kelayotgan talabalar haqida ma'lumot berib o‘tildi. Ota-onalarni filial muhiti va bu yerdagi yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida filial turmushini o‘zida aks etgan videorolik qo‘yib berildi. Ushbu videokadrlar orqali ular filialdagi haqiqiy atmosferani his qila olishdi deb o‘ylaymiz.
Uchrashuvda ustozlari tomonidan berilgan bilimlarni yaxshi o‘zlashtirib, a'lo baholarga o‘qiyotgan, tashkil etilayotgan ko‘rik-tanlovlar va ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarda faol qatnashib, ijobiy yutuqlarga erishib kelayotgan va filial rivojida o‘z hissasini qo‘shayotgan faol talaba-yoshlarning ota-onasiga filial direktori tomonidan tashakkurnoma topshirildi va mana shunday o‘z tengdoshlariga o‘rnak bo‘la oladigan komil farzandlarni tarbiyalagani uchun alohida minnatdorchilik izhor etildi. Shuningdek, xalqaro mukofot bilan taqdirlangan va turli sohalarda yutuqlarga erishgan talabalarga esdalik nishonlari va ularning guvohnomalari hamda diplom topshirildi. Bu esa o‘z o‘rnida ularning ota-onalariga quvonch bag‘ishladi. Bugungi jami 600 nafarga yaqin ota-ona tashrif buyurgan va samimiy muloqot shaklida olib borilgan uchrashuvda o‘zaro atroflicha fikr almashildi va ota-onalarning fikr va takliflari tinglandi. O‘z navbatida ota-onalar filialda farzandlarining yaxshi ta'lim olishi va yutuqlarga erishishi uchun yaratilgan sharoitlardan mamnun ekanliklarini bildirishdi.
Axborot xizmatiскачать dle 12.1