«Qobiliyatli qizlar»ning bandligi ta'minlanib, qo‘shimcha daromad topish imkoniga ega bo‘lmoqda
Ma'lumki, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talaba-yoshlarning bandligini ta'minlash, bo‘sh turgan xonalarni talabalarga ajratish va to‘garak va boshqa xizmatlar orqali ularga qo‘shimcha daromad olish imkonini yaratish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi. Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida ushbu vazifalar ijrosini ta'minlash bo‘yicha amaliy sa'y-harakatlar olib borilmoqda. Jumladan, «Qobiliyatli qizlar» to‘garagi uchun ajratilgan xona filial rahbariyati tomonidan qayta ta'mir qilinib, tikuv sexidan tashqari go‘zallik saloni uchun alohida xona ajratilib barcha zarur asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Tikuv sexidan avvaldan mavjud bo‘lgan 10 ta tikuv mashinalari talab darajasida ta'mirlandi. Hozirda tikuv sexida jami 10 nafar, go‘zallik salonida esa jami 5 nafar talaba-qizning bandligi ta'minlanmoqda. Bu yerda o‘z faoliyatini olib borayotgan qizlar o‘z qiziqish va qobiliyatini namoyon qilishi bilan birga qo‘shimcha daromad topish imkoniga ega bo‘lmoqda. Muhimi, talaba-qizlarning bo‘sh vaqtlari mazmunli va foydali tashkil etilmoqda.
Go‘zallik salonida soch turmagi, makiyaj, kiprik ekish va laminasiya, manikyur xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, tikuv sexida chevar qizlarimiz tomonidan kiyim-kechak, sochiq, choyshab, ko‘rpacha va yostiqlar tikish ishlari olib borilmoqda. Shuni alohida ta'kidlab o‘tish joiz, 4-bosqich talabasi L.Yaqipbaeva tikuv sexida milliy kashtachilik san'ati negizida liboslar tikish bilan shug‘ullanish bilan birga, filial talaba-qizlariga ham o‘zining hunar sirlarini o‘rgatmoqda. Go‘zallik saloniga tyutor E.Djumabaeva, tikuvchilik sexiga esa Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha direktor maslahatchisi G.Eshmuratova mas'ul etib tayinlangan.
— «Qobiliyatli qizlar» to‘garagi a'zolari iqtidorli va ishtiyoqi baland bo‘lgan talaba-qizlardan tashkil topgan. Ularga o‘z qiziqish va intilishidan kelib chiqib, darsdan bo‘sh paytlarida ish faoliyatini olib borishga imkon yaratildi. Kelgusida «Qobiliyatli qizlar» tikuvchilik sexi va go‘zallik saloni faoliyatini yanada kengaytirishni reja qilinmoqda— deydi E.Djumabaeva. Eng muhimi talaba-qizlar bandligi ta'minlanib, qo‘shimcha daromadga ega bo‘lmoqdalar. Endilikda ushba qobiliyatli qizlardan ishning ijobiy natijalarini kutib qolamiz.
Axborot xizmati скачать dle 12.1