«Orolbo‘yi ekologik muammolari va turizmni rivojlantirish» mavzusida xalqaro konferensiya
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasihamda Turizm va madaniy meros vazirligi bilan hamkorlikda «Orolbo‘yi ekologik muammolari va turizmni rivojlantirish» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada turli muammolarni keltirib chiqargan Orol dengizining qurishining salbiy oqibatlari, so‘nggi yillarda Orolbo‘yi muammosiga qaratilayotgan alohida e'tibor, turizmni rivojlantirish va bu borada olib borilayotgan keng ko‘lamli amaliy ishlar haqida so‘z yuritildi. Ushbu ahamiyatli bo‘lgan mavzularni qamrab olgan xalqaro konferensiyada Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali “Veterinariya medisinasi va oziq-ovqat xavfsizligi” kafedrasi o‘qituvchisi X.Arziev, 3-bosqich talabasi A.Abatbaeva va 2-bosqich talabasi A.Abdumo‘minovlar "Orol dengizi qurishi oqibatida ochilgan yerlarda hayvonlar uchun ozuqabop o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar” mavzusidagi maqola bilan ishtirok etishdi. Tadbir davomida X.Arziev so‘zga chiqib, Orol dengizining qurigan tubida yashil qoplamalar barpo etish hamda ko‘tariladigan qum va chang bo‘ronlarga chidamli o‘simliklarni ekish bo‘yicha amalga oshirilgan samarali ishlarga alohida to‘xtalib, bu bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirib o‘tdi. Orolbo‘yi xududlarida yontoq o‘simligini ekish bo‘yicha tegishli tavsiyalarni bildirdi. Konferensiyada so‘zga chiqqanlar mavzu doirasida ma'ruza qilishdi. Shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasida turizmni rivojlantirish, yangidan fauna va flora turlarini ko‘paytirish va haqiqiy barqaror muhit yaratish orqali xorijiy turistlarni ko‘proq jalb etish xususida atroflicha fikr almashildi. Filial talaba-yoshlari ushbu konferensiyada ishtirok etib, qiziqarli ma'lumotlarga ega bo‘lishdi.
скачать dle 12.1