Mehnat yarmarkasi: Bitiruvchi bosqich talabalari bandligi ta'minlanmoqda
Bugun Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida bitiruvchi kurs talabalarining bandligini ta'minlash va ish beruvchilar bilan mehnat shartnomasi imzolash maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Chorvanasl” markazi direktori Q.Pirnazarov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Qorako‘l” uyushmasi raisi A.Utemuratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bo‘lim boshlig‘i G.Daryabaeva, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari B.Qurbaniyazov ishtirok etishdi. Filial direktori Adilbay Esimbetov va boshqalar so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgantalaba-yoshlarning bandligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilib, bu boradagi Davlatimiz Rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
Tashkil etilgan yarmarkada 40 ga yaqin ish beruvchi tashkilot o‘zlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi. Tadbir davomida bitiruvchi bosqich talabalari va ish beruvchilar yaqindan muloqot o‘tkazib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi. Ushbu mehnat yarmarkasida ish beruvchilar va talabalar o‘rtasida jami 23 ta mehnat shartnomasi imzolandi hamda talabalar bandligi ta'minlanishiga erishildi. Joriy o‘quv yilida filialni 3 ta ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha jami 75 nafar talaba bitiradi.
Ma'lumot o‘rnida shuni alohida ta'kidlab o‘tishimiz lozimki. o‘tgan yili ilk bitiruvchilarimiz hisoblangan jami 36 nafar talabadan 31 nafari ish bilan ta'minlanib, hozirda filialda o‘zlashtirgan bilimlariniamaliyotga tatbiq etib kelmoqdalar. Tadbir davomida talaba-yoshlar o‘zlari uchun yaratilayotgan mana shunday keng imkoniyatlarni teran his qilgan holda, kelgusida soha rivoji yo‘lida xizmat qilishiga ishonch bildirib qolamiz. Mehnat yarmarkasida filial talabalari mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan yaqindan tanishdilar. Eng ahamiyatlisi, ish beruvchilar va bitiruvchi bosqich talabalari o‘rtasida erishilgan foydali kelishuvlar yaqin kelajakda o‘zining samarali natijasini berishidan umidvormiz.
Axborot xizmatiскачать dle 12.1