Belarus va Qoraqalpog‘iston Respublikasi OTMlari hamkorlik aloqalarini o‘rnatadi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi F.Ermanov Belarusning O‘zbekistondagi elchisini qabul qildi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Axborot xizmati ma'lum qildi.
Uchrashuv davomida F.Ermanov va L.Marinich o‘zaro muloqot qildi. Suhbat chog‘ida oliy ta'lim, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Ushbu uchrashuvga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari A.Otewliyev va oliy ta'lim muassasalari rahbarlari qatorida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali direktori A.Esimbetov ham ishtirok etdi. Uning aytishicha, aynan ta'lim sohasidagi hamkorlik asosida muhim takliflar bildirilgan. Jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasida ikkala tomon oliy o‘quv yurtlarining malakali professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlari o‘rtasida almashuv dasturini joriy etish va yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi. Albatta, ushbu yo‘nalishda mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va o‘zaro tajriba almashish orqali yaqin kelajakda ijobiy natijalarga erishish va ta'lim samaradorligini yanada orttirish ko‘zda tutilmoqda. Uchrashuv davomida hamkorlikda ish olib borish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirilib, muhim takliflar kiritildi. Ta'lim va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni o‘rnatish bo‘yicha yangi kelishuvga erishildi.
скачать dle 12.1