Qozog‘istonning nufuzli universitetining professori talabalarga dars o‘tmoqda
Avval xabar berganimizdek, filialimizga Qozog‘istonning nufuzli universitetining professori tashrif buyurgan edi. Ayni kunlarda S.Mirzaqulov filialning Zooinjeneriya (yilqichilik va tuyachilik) yo‘nalishida tahsil olayotgan 3-bosqich 309-310-guruh talabalariga chorvachilik yo‘nalishi bo‘yicha jumladan, qoramollar, qo‘y-echkilarga oid mavzular doirasida ma'ruza o‘tib, ularning bilimlarini yanada mustahkamlamoqda. Shuningdek, talaba-yoshlarga Qozog‘istondagi chorvachilik sohasining yutuqlari va yangilanishlar, soha va uning tarmoqlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida qiziqarli ma'lumotlarni berib o‘tdi.
—Qoraqalpog‘iston Respublikasiga ilk marta tashrif buyurishim. Qoraqalpoq qardoshlarning mehmondo‘stligi va samimiy munosabatlaridan juda mamnun bo‘ldim. Filial jamoasi, talabalari bilan tez chiqishib ketdim. Ular har bir ma'ruzamni diqqat va qiziqish bilan tinglamoqda. Nukus haqida ancha keng taassurotlarga ega bo‘lmoqdaman. —deydi S.Mirzaqulov. Ma'ruzalar ushbu hafta ohiriga qadar olib boriladi. Ta'kidlash joizki, filialimiz shu kunga qadar Germaniya, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Latviya kabi xorijiy mamlakatlarning oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik shartnomasi va memorandumlar imzolashga erishdi. Bu esa, o‘z o‘rnida filialdagi ilmiy soha rivojida muhim rol o‘ynaydi. Qozog‘istonning nufuzli universitetining o‘qituvchisi tomonidan olib borilayotgan ma'ruzalar talaba-yoshlarning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga zamin yaratib beradi deb o‘ylaymiz. Ma'lumot uchun, “QS World University Rankings” 500 taligiga kiradigan Qozog‘iston milliy agrar tadqiqot universiteti bilan hamkorlik shartnomasi 2021 yilda tuzilgan edi. Endilikda, talabalar o‘rtasida almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilinib, o‘zaro kelishuvga erishildi.
скачать dle 12.1