Filialga qozog‘istonlik professor keldi
«Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili»da yurtimizdagi oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan talaba-yoshlarga har tomonlama mukammal bilimlarni o‘zlashtirishi uchun qulay sharoitlarni yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Sifatli ta'lim berishda avvalambor yuqori salohiyatga ega va dunyoqarashi keng bo‘lgan o‘qituvchilarni ko‘proq jalb etish masalasiga chuqurroq yondashish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali aynan ushbu ezgu maqsadni ko‘zlagan holda, yuqori malakaga ega bo‘lgan xorijiy professor-o‘qituvchilarni dars jarayonlariga keng jalb etishga alohida etibor qaratilib, amaliy say-harakatlar olib borilmoqda. Jumladan, Qozog‘iston Respublikasining “QS World University Rankings” 500 taligiga kiradigan Qozog‘iston milliy agrar tadqiqot universiteti bilan tuzilgan ikki tomonlama shartnoma asosida ushbu oliy o‘quv yurtining «Chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasi» kafedrasi qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dosent Mirzaqulov Sergali Meymankulovich talabalarga dars o‘tish uchun filialga keldi. Mehmon rasmiy tashrifining ilk kunida filial rahbariyati bilan uchrashdi. Direktor Adilbay Esimbetov qozog‘istonlik professor bilan o‘zaro do‘stona munosabatlar asosida o‘rnatilgan aloqalarni yanada mustahkamlab borish, hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va ilmiy salohiyat jozibadorligini orttirish borasida hamfikrlikda ish olib borish bo‘yicha suhbatlashdi. Olib borilgan samimiy muloqot davomida S.Mirzaqulov kelgusida nafaqat professor-o‘qituvchilar, balkim, talaba-yoshlar ham almashuv dasturi asosida ta'lim olishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirib o‘tdi. Rahbariyat tomonidan ushbu asosli taklif to‘liq qo‘llab-quvvatlandi. Uchrashuv davomida A.Esimbetov hurmatli mehmonni bugungi sana munosabati bilan ya'ni, qozoq xalqining milliy bayrami hisoblangan Amal–Ko‘rishish kuni bilan samimiy muborakbod etib, urf-odatlari va an'analariga hurmat bajo keltirdi. Qozog‘istonlik professor filial talaba-yoshlariga ushbu hafta davomida 36 soat dars o‘tishi rejalashtirilgan. Ma'lumot uchun, bundan avval, ushbu universitetning «Mikrobiologiya va virusologiya» kafedrasining professori Miqtibaeva Raya Jaqsigulovna tashrif buyurib, filial talabalariga dars o‘tib, o‘z bilimlarini o‘rtoqlashgan edi.
скачать dle 12.1