Filial jamoasi Orolbo‘yi xududida saksovul ko‘chatlarini ekish ishlarida o‘z hissasini qo‘shdi
Ma'lumki, 2019 yildan buyon Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan Orol dengizining suvi qurigan tubida yashil qoplamalar va himoya o‘rmonzorlari barpo etish bo‘yicha bir qator samarali ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialining «Veterinariya va zooinjeneriya» fakulteti ushbu ezgu ishda o‘z hissasini qo‘shish maqsadida fakultet dekani, dekan muovini, tyutorlar va talaba-yoshlar ishtirokida Mo‘ynoq tumaniga safar uyushtirildi. Sayohatchilar Mo‘ynoqqa tashrifini tumannning «Hokim ota» qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi Hokim ota – Sulaymon Baqirg‘aniy ziyorat majmuasiniziyorat qilishdan boshladi. Talaba-yoshlarga majmuaning tarixi bo‘yicha qiziqarli ma'lumotlar berildi. Ko‘zlangan manzilga yetib borgandan so‘ng, filial jamoasi «Orol dengizi tarixi muzeyi»da bo‘lib, u yerdagi eksponatlar bilan yaqindan tanishdi. Muzey tarixi haqida ko‘plab qiziqarli ma'lumotlarga ega bo‘lishdi. Shundan so‘ng, «Ochiq osmon ostidagi kemalar muzeyi kompleksi»ga borishdi. Talabalar “Kemalar qabristoni”da bo‘lib, kema ko‘rgazmalarini tomosha qilish orqali Orol dengizi o‘tmishi va tarixi bilan, uning bugungi holati bilan yaqindan tanishdilar. Safarning birinchi kuni mana shunday yorqin taassurotlarga boy tarzda bo‘lib o‘tdi. Sayohatchilar ikkinchi kunda tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsadni amalga oshirish uchun Orol dengizining suvi qurigan tubiga saksovul nihollarini ekish ishlarida faol ishtirok etishdi. Bu ishda talaba-yoshlarga shu yerdagi mutaxassislar yaqindan ko‘mak berib, saksovul nihollarini ekish tartibi bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlarni ko‘rsatib turishdi.
—Filial jamoasi bilan Mo‘ynoqqa tashrifimizning bosh maqsadi hamjihatlikda shijoat ko‘rsatib, saksovul nihollarini ekish ishlarida o‘z hissamizni qo‘shishdan iborat.
Biz talabalarga bunday xayrli ishlarda o‘rnak bo‘lishimiz va ularni ham ezgu ishlarga boshlashimiz kerak deb o‘ylayman—deydi fakultet dekani A.Kaniyazov. Tadbir davomida filialimizning iqtidorli talabalari tomonidan qoraqalpoq milliy kuy va qo‘shiqlari mahorat bilan ijro etilib, bu yerdagilarda katta qiziqish bilan kutib olindi. Ko‘chat ekish davomida mana shunday iliq atmosfera yaratildi. Filial talaba-yoshlari Orolbo‘yiga safar davomida ekologik muammolarni bartaraf etish va dengiz tubidan ko‘tariladigan tuz va qumni to‘xtatib tura oladigan saksovul ko‘chatlarini ekish singari xayrli ishda yelkadosh bo‘lib, o‘z hissalarini qo‘sha olganidan o‘ta mamnun bo‘lishdi. Shuningdek, ular sayohat davomida zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘layotgan va yangilanayotgan Mo‘ynoq haqida yanada keng taassurotlarga ega bo‘lishdi. Ushbu Orolbo‘yiga uyushtirilgan safar sayohatchi talabalarimizning qalblariga shirin xotira bo‘lib muhirlangan bo‘lsa ajab emas.
скачать dle 12.1