Talaba-qizlar uchun davra suhbati tashkil etildi
Bugun Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida tahsil olayotgan talaba-qizlar orasida «Erta turmush va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlari» mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Ushbu tadbirda Respublika o‘smirlar dispanseri ginekolog shifokori A.Erpolatova, «Gulzor» MFY faollari A.Jumamuratova va Z.Yuldasheva, hamshira E.Dautova, filial psixologi M.Allamuratova hamda talaba-qizlar qatnashdi. Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha direktor maslahatchisi G.Eshmuratova tadbirni kirish so‘zi bilan ochib berib, tashrif buyurgan mehmonlar bilan tanishtirib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar oila qurish har bir qizning hayotidagi muhim bir qadam bo‘lishi, shu bois qizlar jismonan ham ma'nan ham ruhan tayyor bo‘lishi katta ahamiyat kasb etishi xususida o‘z mulohazalarini bildirishdi. Erta turmush qurish va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlari haqida tibbiyot tilida batafsil ma'lumot berildi. Sog‘lom onadan sog‘lom bola dunyoga kelishi jamiyatning bir maromda bo‘lishi uchun muhim vosita ekanligi aytib o‘tildi.
Aholi orasida yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh oqibatida o‘limlar qayd etilayotganligi va uning salbiy oqibatlari to‘g‘risida targ‘ibot ishlari olib borilishiga qaramasdan, afsuski, bu holat takrorlanib bunday nikohlar natijasida nogiron bolalar tug‘ilishi kuzatilmoqda. Shu bois joylarda ushbu mavzuga oid targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish zarur ekanligi alohida ta'kidlab o‘tildi. Davra suhbati davomida talaba-qizlarimizning mavzu bo‘yicha tibbiy savodxonligini yanada mustahkamlandi. Mutaxassislar tomonidan hayotiy misollar keltirib o‘tildi va statistik ma'lumotlar taqdim etildi. O‘z navbatida tadbir qatnashchilari ham fikr va mulohazalarini bildirib o‘tishdi. Ko‘tarilgan dolzarb mavzu yuzasidan atroflicha fikrlar bildirildi. Ishtirokchilar keng tushuncha va zarur ma'lumotlarga ega bo‘lishdi.
скачать dle 12.1