Bitiruvchi talabalarning amaliyot jarayoni o‘rganildi
Oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarining bitiruv oldi amaliyoti katta ahamiyat kasb etadi. Zero, nazariy va amaliy bilimlar uyg‘unligi bo‘lajak mutaxassislarning samarali natijalarni ko‘rsatishga zamin yaratib beradi. Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida ushbu masalaga alohida e'tibor qaratilib, bu bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olingan.
Biz so‘zimizni bejizga amaliyot mavzusidan boshlamadik. Ayni kunlarda filialimizning bitiruvchi bosqich talabalari korxona va fermer xo‘jaliklarida bitiruv oldi amaliyotini o‘tashmoqda. Zooinjeneriya kafedrasi mudirasi A.Toreshova amaliyot rahbarlari Z.Dauletova va B.Kunisovlar hamrohligida Nukus tumanidagi “Nukus agro fish” mas'uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib, amaliyot jarayonini o‘rgandi. Bu yerda Zooinjeneriya (baliqchilik) yo‘nalishi bitiruvchi bosqichida tahsil olayotgan jami 25 nafar talabamiz amaliyot o‘tashmoqda. Tashrif davomida dastlab, amaliyotchilar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi va bu yerdagi ish jarayoni bilan yaqindan tanishildi.
Biriktirilgan amaliyot rahbarlarining amaliyotchi talabalar haqidagi fikrlari tinglandi. Soha mutaxassislari talabalarning nazariy bilimlarini ijobiy baholab, intilishlari va tirishqoqligini e'tirof etib o‘tishdi. Bitiruvchi bosqich talabalari amaliyot davomida bu yerda yetishtirilayotgan baliqlarni qanday parvarish qilish, ularning kasalliklarini aniqlash, diagnoz qo‘yish va emlash, to‘g‘ri oziqlantirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy bilim ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda. Ish jarayonini bosqichma-bosqich o‘rganib, o‘z tajribalarini mustahkamlamoqda.
—Bitiruvchi kurs talabalari uchun ushbu amaliyot jarayoni eng muhim davr hisoblanadi. 14 hafta mobaynida amaliy bilimlarni puxta o‘zlashtirib borsalar, tayyor kadr bo‘lib shakllanadilar. O‘z o‘nida biz ham katta mas'uliyatini chuqur his qilgan holda, amaliyot jarayonini nazorat qilib borishimiz zarur. Ana shunda ijobiy natijaga erishamiz—deydi A.Toreshova.
“Nukus agro fish” ga uyushtirilgan tashrif davomida, amaliyotchi talabalarning faoliyati batafsil o‘rganilib, amaliyot rahbarlari tomonidan tegishli tavsiyalar berildi.
скачать dle 12.1