Direktor ilmiy ishlar natijadorligini orttirish yuzasidan professor-o‘qituvchilarga topshiriqlar berdi
Ma'lumki, so‘nggi yillarda oliy o‘quv yurtlarida faoliyat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilarning obro‘-e'tiborini yanada yuksaltirish, oyligini oshirib, ularni moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu o‘rinda ularning ilmiy salohiyatini oshirish va yuqori bilimli kadrlarni tayyorlashda o‘z hissalarini qo‘shish uchun zarur sharoitlar yaratib berilmoqda va albatta, kutilayotgan natija ham shunga yarasha bo‘ladi.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida direktor Adilbay Esimbetov tomonidan professor-o‘qituvchilar ishtirokida ayni shu mavzuga qaratilgan uchrashuv o‘tkazildi. Unda Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari R.Turganbaev, «Veterinariya va zooinjeneriya» fakulteti dekani A.Kaniyazov, barcha kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar ishtirok etishdi. Uchrashuv boshida filialning bugungi kundagi ilmiy salohiyat ko‘rsatkichi, ushbu yo‘nalishdagi erishilgan natijalar va uchraydigan kamchiliklar haqida aytilib, amalga oshirilgan ishlar natijadorligi tahlil qilindi.
Direktor Adilbay Esimbetov ilmiy salohiyat ko‘rsatkichi talab darajasidan past ekanligini keskin tanqid qilib, ilmiy darajaga ega professor-o‘qituvchilar sonini oshirish zarur ekanligi, hozirda ularning soni kamligi uchun ijobiy ko‘rsatkich deyarli sezilmayotganini ta'kidladi. Assistent-o‘qituvchilarni bu borada qat'iy ogohlantirib, dekan va kafedra mudirlariga tegishli topshiriqlarni berdi.
— Bugun mamlakatimizda ilm-fan rivojiga bemisl e'tibor qaratilayotganligi bejiz emas. Jamiyatimizga yuqori salohiyatli va zamonaviy bilimga ega kadrlarni yetkazib berish eng muhim vazifamiz hisoblanadi. Shu bois, filialda munosib professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritishiga asosiy masala sifatida e'tibor qaratishimiz lozim—deydi A.Esimbetov.
Hozirgi kunda filialda jami 90 nafarga yaqin pedagog xodimlar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ilmiy darajaga ega professor-o‘qituvchilar 15 nafarni tashkil etadi. Shundan 1 nafari professor, 12 nafari fan nomzodi va falsafa doktorlari va 3 nafari fan doktori. Ilmiy salohiyat ko‘rsatkichi 29,4 foizni tashkil etadi.
Professor-o‘qituvchilar bilan olib borilgan muloqot davomida ilmiy ishlar natijadorligini orttirish, zamon bilan birga qadam tashlab bo‘lajak mutaxassislarga munosib ta'lim berishga astoyidil harakat qilish va shu kabi muhim mavzular doirasida suhbat olib borildi. Uchrashuv yakunida ko‘tarilgan masalalardan tegishli xulosa chiqarish lozimligi ta'kidlandi.
скачать dle 12.1