Direktor iqtidorli talabalarning takliflarini o‘rgandi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali direktori Adilbay Esimbetov rahbarligida filialda tahsil olayotgan iqtidorli talabalar bilan uchrashuv tashkil qilindi.
Ushbu ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvda 30 nafardan ortiq iqtidorli talaba-yoshlar bilan atroflicha suhbat olib borildi. Dastlab, ilmiy izlanishlar olib borayotgan ilg‘or talabalarning erishayotgan natijalari, ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligi va uchrayotgan kamchiliklar haqida to‘xtaldi.
—Bugun OTMlardagi iqtidorli talabalar uchun juda keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Filialda tahsil olayotgan talaba-yoshlarni ilmiy faoliyatga yo‘naltirib borish va shu orqali ularni yangi loyihalarni ishlab chiqishga muvaffaqiyatli ishtirok etishini ta'minlashga zamin yaratib berishga muhim vazifa sifatida alohida ahamiyat qaratilmoqda—deydi Adilbay Esimbetov.
Uchrashuv davomida har bir talabaning fikr va takliflari tinglandi. Ular tomonidan ilg‘or g‘oyalar ilgari surildi. Jumladan, Zooinjeneriya (baliqchilik) yo‘nalishi talabalari tomonidan baliqchilikni yanada rivojlantirish hamda ushbu yo‘nalish bo‘yicha talabalarning amaliy bilimlarini yuksaltirish maqsadida filial binosi xududida baliqchilik laboratoriyasini tashkil etish va intensiv texnologiyalarni joriy etish, buning uchun esa Xorazm viloyatidagi “Ummon baliq” baliqchilik xo‘jaligida bo‘lib ish jarayoni va zamonaviy texnologiyalarni o‘rganib kelish va filialda amaliyotga tatbiq etish taklifi bildirildi. Direktor tomonidan talabalarning ushbu tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi va bu borada amaliy yordam berilishi ta'kidlab o‘tildi. Shuningdek, iqtidorli talabalar tomonidan hozirgi kunda xorijiy tillarni o‘rganish davr talabi ekanligini inobatga olgan holda filialda hamyonbop narxlarda ingliz va rus tillarini o‘rgatish kurslarini tashkil etish, mutaxassisliklar bo‘yicha bilimlarni mustahkamlab borish uchun qiziqarli tanlovlar o‘tkazib borish, “Start up” loyihalarga talabalarni ko‘proq jalb qilish, Respublika ko‘rik-tanlovlariga faol ishtirok etish uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish kabi ko‘plab taklif va mulohazalar bildirildi.
Iqtidorli talabalarning taklif va g‘oyalarini amalga oshirish va ilmiy izlanishlar olib borishi uchun zarur sharoit yaratish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi. Uchrashuv chog‘ida mas'ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Olib borilgan ochiq muloqot samimiy muhitda bo‘lib o‘tdi. Talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga to‘laqonli javoblarni olishdi. Filialdagi talabalarning o‘z iqtidorlarini yuzaga chiqarishi va ilmiy salohiyatlarini yuksaltirib borishga zamin yaratib berish uchun ular bilan mana shu tarzda yaqindan suhbatdosh bo‘lish, ichiga yanada kirib borish va ularning muammolarini o‘rganish zarur ekanligi ta'kidlandi.
Jamiyatimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘sha oladigan va aynan ushbu ezgu ishni asosiy maqsadi sifatida ilgari suradigan talaba-yoshlarni har-tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning fikr va takliflarini o‘rganib borish muhim ahamiyat kasb etadi. Direktor va iqtidorli talabalar uchrashuvi davomida kelgusidagi maqsad va vazifalar belgilab olindi.
скачать dle 12.1