“Biz giyohvandlikka qarshimiz” mavzusida uchrashuv tashkil etildi
Ma'lumki, butun dunyo hamjamiyatida asr vabosi deya nom olgan giyohvandlikka qarshi kurash olib borilib, yoshlarni ushbu zararli illat domiga tushib qolishdan ogoh etish o‘ta muhim hisobalandi. So‘zimizni bejizga bu mavzudan boshlamadik. Bugun Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida «Yoshlar o‘rtasida giyohvandlikning tarqalishiga qarshi kurashish oyligi» doirasida “Biz giyohvandlikka qarshimiz” mavzusida uchrashuv tashkil etildi.
Ushbu tadbirda Nukus shahridagi «Muhammad Baxiy eshon» jome masjidi imom-xatibi Sh.Qudaybergenov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv boshqarmasining katta tezkor vakili R.Qallibekov va J.Edenbaev, narkologiya dispanseri narkolog-shifokori N.Dawletmuratova, Davlat xavfsizlik xizmati xodimi N.Roziev, Nukus shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi TKX JKB tezkor vakili xodimi T.Baymuratov hamda Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktorning birinchi o‘rinbosari S.Ganiev va boshqalar so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan salmoqli ishlar va ularning samarali natijalari, ayniqsa yoshlarni ushbu zahri qotil ta'siriga tushib qolishdan asrash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga to‘xtaldi.
Ushbu uchrashuvda Yoshlar bilan ishlash, ma'naviyat va ma'rifat bo‘limi, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar va talaba-yoshlar qatnashdi. Tadbir davomida ma'ruzachilar tomonidan ishtirokchilarga bu masalaga aslo loqaydlik bilan qaramaslik, yoshlarning ushbu illat iskanjasiga tushib qolishida nafaqat ota-onalar, balkim, oliy o‘quv yurtlaridagi tegishli mas'ullarning ham beparvoligi sabab bo‘lishi mumkin ekanligi, joylarda shu kabi tadbir va uchrashuvlarni tashkil etib borish orqali giyohvandlikka qarshi kurashni targ‘ib qilib borish o‘zining ijobiy natijasini berishi alohida ta'kidlab o‘tildi. Talabalarga mavzuga oid batafsil ma'lumotlar berildi. Mutaxassislar tomonidan hayotiy misollar keltirib o‘tildi. Tadbir ishtirokchilari har tomonlama kerakli ma'lumotlarga ega bo‘lishdi.
скачать dle 12.1