Qator ma'naviy tadbirlar va sport musobaqalari tashkil etildi
Talaba-yoshlar bo‘sh vaqtlarida nimalar bilan mashg‘ul bo‘lmoqda? Ularning o‘tayotgan har bir daqiqasini behuda sarflamaslikka chaqirish, shuning bilan birga vaqtlarini mazmunli o‘tkazishda professor-o‘qituvchilar, Yoshlar bilan ishlash, ma'naviyat va ma'rifat bo‘limi, psixolog va tyutorlar tashabbuskorlik qilmoqda. Bugun bir vaqtning o‘zida har xil ma'naviy tadbirlar, psixologik seminar-treninglar va sport musobaqalari o‘tkazildi.
Jumladan, «Iqtisodiyot va gumanitar» fanlar kafedrasi Yoshlar bilan ishlash, ma'naviyat va ma'rifat bo‘limi tomonidan Prezident murojaatnomasining mazmun-mohiyati va ahamiyati talaba-yoshlarga keng tushuntirildi. Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini va jismoniy tarbiya o‘qituvchisi hamda tyutorlar boshchiligida talabalar o‘rtasida voleybol, stol tennisi, mini-futbol sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.
Filial psixologi va Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan talaba-qizlar orasida qiziqarli mavzularda psixologik seminar o‘tkazildi va mavzuga oid ijtimoiy rolik qo‘yib berildi. Shuningdek, talabalarning bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash uchun Zooinjeneriya kafedrasi tomonidan «Yosh ixtiologlar» to‘garagi a'zolari ishtirokida tadbir o‘tkazildi. Albatta, ushbu tadbirlarni tashkil etish zamirida filialda tahsil olayotgan talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli va qiziqarli tarzda o‘tkazishga hissa qo‘shish va ularni bekorchi va foydasiz narsalar bilan mashg‘ul bo‘lishiga imkon bermaslik singari ezgu maqsadlar mujassam.
Ko‘plab talaba-yoshlarni o‘z qamroviga olgan ma'naviy tadbirlar va sport musobaqalari qiziqarli taassurotlarga boy tarzda bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilarning tashkilotchilarga mamnuniyati va minnatdorchiligi ularning quvonchga to‘la yuz ifodalarida aks etdi desak mubola bo‘lmaydi. Filialda talabalarning darsdan bo‘sh vaqtlarini maroqli tashkil etishga alohida e'tibor berib kelinmoqda.
Axborot xizmati
скачать dle 12.1