Veterinariya fanlari doktori, professor Sobir Mavlonov filial rahbariyati ishtirokida uchrashuv o‘tkazdi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining innovatsion faoliyat, fan va taʼlim boshqarmasi boshligʼi o‘rinbosari, veterinariya fanlari doktori, professor Sobir Mavlonov rahbarligida uchrashuv o‘tkazildi. Unda filial rahbariyati, ilmiy va o‘quv-uslubiy bo‘lim xodimlari, kafedra mudirlari hamda doktorantlar qatnashdi.
Uchrashuv davomida S.Mavlonov filial faoliyatiga oid muhim masalalarga to‘xtaldi. Xususan, ilmiy salohiyatni oshirish bo‘yicha ishlar biroz sust ekanligini tanqid qilib, ilmiy loyihalarni amalga oshirish jarayonini jadallashtirish zarur ekanligini taʼkidlab o‘tdi. Shu kunga qadar erishilgan yutuqlar va ijobiy natijalarni eʼtirof etib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda ularni birgalikda bartaraf etish bo‘yicha taklif va mulohazalarini bildirdi.
Bo‘lajak mutaxassislarga sifatli taʼlim berishga alohida eʼtibor qaratib, taʼlim muhiti jozibadorligini yanada oshirish hamda startap-loyihalarni amalga oshirishda tashabbuskorlikni kuchaytirish borasida o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi.
Joriy yilda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi. Uchrashuv davomida qo‘mita tomonidan filial faoliyatiga oid har qanday masala yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatishga va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligi taʼkidlab o‘tildi.
скачать dle 12.1