VAZIR: TALABALARGA BILIM BERING, MEHR BERING, SHUNDA HAMMASI YAXSHI BO‘LADI
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat safari doirasida Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Nukus filialida bo‘ldi.
Vazir dastlab, filialning 75 o‘rinli talabalar turar-joyida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, talaba-qizlar bilan samimiy muloqot olib bordi.
– Hozirda filial talabalarining 10 %i yotoqxona bilan ta’minlangan, bu juda kam. Bizning rejamizda 2023 yilga qadar davlat-xususiy sherikchilik asosida 400 o‘ringa mo‘ljallangan yotoqxona quriladi, natijada filial talabalarining deyarli 50 % i bevosita kampusda yashab ilm olishi mumkin bo‘ladi – dedi vazir.
Shundan so‘ng, o‘quv xonalariga kirib, dars jarayoni bilan tanishdi va talaba-yoshlar bilan samimiy suhbat qildi. Ma’lumot o‘rnida, filialda 900 nafardan ortiq talabalar tahsil olishlari uchun 30 ta o‘quv xonasi mavjud bo‘lib, 5 ta laboratoriya va 1 ta veterinariya o‘quv-tajriba klinikasida amaliy mashg‘ulotlar olib boriladi.
Ochiq muloqot davomida Abduqodir Toshqulov filialdagi o‘quv jarayonlari va talabalarning muammolari bilan qiziqdi.
“Filialimizda mutaxassisligimiz – baliqchilik yo‘nalishi bo‘yicha sun’iy hovuz barpo etilgan bo‘lib, hozirgi kunda baliqlar parvarish qilinmoqda. Qobiliyatli qizlar to‘garagi uchun alohida xona ajratilgan. Inkubator markazida asalari oilasi parvarish qilinmoqda. O‘quv laboratoriyalari mavjud” – deya yaratilgan sharoitlar haqida vazirga talabalar o‘z fikrlarini bildirishdi.
Shuningdek, vazir kafedralar faoliyati bilan ham tanishib, mudirlar va o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi. Viloyatlardan kelib dars berayotgan o‘qituvchilarga bu yerda oilasi bilan yashashi uchun sharoit qilib berish kerakligini alohida ta’kidladi.
Ma’lumot o‘rnida, filialda jami 30 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat olib borib, shundan 11 nafari ilmiy darajaga ega.
Uchrashuv yakunida filial mas’ullariga o‘quv-auditoriyalar holati, professor-o‘qituvchilarning faoliyati va talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yaxshilash, ta’lim sifati hamda ilmiy salohiyatni oshirish bo‘yicha topshiriq berildi.




Manba:Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Axborot xizmati
скачать dle 12.1